DAVLAT HOKIMIYATI TIZIMIDA ROTATSIYA INSTITUTINI QO‘LLASHNING AHAMIYATI VA UNING TASNIFLANISHI
Abstract
Ushbu tezisda davlat hokimiyati tizimida rotatsiya institutini qo‘llash, rotatsiyani amalga oshirishning mazmun mohiyati va rotatsiyani amalga oshirishdan ko‘zlangan maqsadlar, O‘zbekiston Respyublikasida rotatsiya va ushbu institutga oid jarayon qonuniy jihatdan tartibga solinishi, ushbu jarayonda xodimlarning huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilinish kafolatlari, “Davlat fauqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati yoritib berilgan.
Kalit so‘zlar: davlat organi, davlat fuqarolik xizmati, kadrlar tayyorlash, rotatsiya instituti, huquqiy va ijtimoiy kafolatlar
References
DAVLAT HOKIMIYATI TIZIMIDA ROTATSIYA INSTITUTINI QO‘LLASHNING AHAMIYATI VA UNING TASNIFLANISHI
Muxiddinov Zuxriddin Mexriddin o‘g‘li
Toshkent davlat yuridik universiteti magistranti
Annotatsiya: Ushbu tezisda davlat hokimiyati tizimida rotatsiya institutini qo‘llash, rotatsiyani amalga oshirishning mazmun mohiyati va rotatsiyani amalga oshirishdan ko‘zlangan maqsadlar, O‘zbekiston Respyublikasida rotatsiya va ushbu institutga oid jarayon qonuniy jihatdan tartibga solinishi, ushbu jarayonda xodimlarning huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilinish kafolatlari, “Davlat fauqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati yoritib berilgan.
Kalit so‘zlar: davlat organi, davlat fuqarolik xizmati, kadrlar tayyorlash, rotatsiya instituti, huquqiy va ijtimoiy kafolatlar.
Bugungi kunga kelib O‘zbekiston Respublikasi davlat organlari va tashkilotlarini yuqori malakali, bilimli kadrlar bilan ta’minlash, xodimlarning kasbiy malaka va darajalarini muntazam oshirib borish, har tomonlama yetuk, salohiyatli kadrlar zaxirasini yaratish, boshqaruv tizimini davlat xizmatini isloh qilish va takomillashtirish hukumatimiz oldida turgan eng asosiy masalalardan biri hisoblanadi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Oldimizga qo‘ygan maqsad va vazifalarga erishish uchun yuqori malakali kadrlarning zaxirasini yaratish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlash barcha muhim jihatlarini qamrab oladigan maqsadli dasturlarni ishlab chiqish vaqti keldi, deb o‘ylayman. Eng asosiy vazifa bu – yuqori kasbiy mahorat va zamonaviy tafakkurga ega bo‘lgan, har tomonlama to‘g‘ri qaror qabul qila oladigan, belgilab berilgan vazifalar ijrosini samarali usul va vositalar bilan erishishni ta’minlay oladigan rahbarlar va mansabdor shaxslarning yangicha tarkibini shakllantirishdan iborat”[1].
Darhaqiqat, davlatimizda olib borilayotgan jadal islohotlarnig samaradorligiga belgilab olingan maqsad va vazifalarga erishish, eng avvalo,barcha sohalardagi davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan xodimlarning bilimi, malakasi, tajribasi, ko‘nikmasi va salohiyatiga bog‘liqdir. Shuni alohida qayd etishimiz kerakki mamlakatimizda so‘nggi yillarda hukumat tomonidan kadrlar tayyorlash tizimini yanada rivojlantirish, davlat fuqarolik xizmatini tartibga solish, davlat xizmatchilarining huquqiy, ijtimoiy kafolatlarini yanada mustahkamlash borasida bir qator tizimli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga mehnatga oid munobatlarga yangi normalar qo‘shildi hamda har bir insonning erkin kasb tanlash va munosib mehnat sharoitlarida ishlash huquqi kafolatlab qo‘yildi.[2] Shunindek, ushbu sohani tartibga solishga qaratilgan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida” gi alohida qonunning qabul qilingani ushbu sohaning qonuniy asoslarini yanada mustahkamladi. Ushbu qonunda davlat fuqarolik xizmatiga oid bo‘lgan bir qator asosiy tushunchalarga ta’rif keltirib o‘tildi. Jumladan: davlat organi — davlat fuqarolik xizmati tatbiq qilinadigan davlat organlari va tashkilotlari ro‘yxatiga kiritilgan davlat hokimiyat vakolatlariga ega bo‘lgan tashkiliy jihatdan alohida tuzilmasidir.[3]
davlat fuqarolik xizmati — davlat xizmatining bir turi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining davlat fuqarolik xizmati lavozimlaridagi davlat organlari vakolatlari amalga oshirilishini ta’minlashga doir haq to‘lanadigan kasbiy faoliyatini ifodalaydi.
Aynan ushbu qonunning 39-moddasida rotatsiyani amalga oshirish uchun muhim bo‘lgan jihatlar, rotatsiyani amalga oshirishning asoslari, undan ko‘zlangan maqsadlar belgilab berilgan. Ushbu moddaga ko‘ra davlat fuqarolik xizmatchisining rotatsiyasi uning shaxsiy va kasbga oid sifatlarini rivojlantirish, faoliyatining samaradorligini oshirish, rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish maqsadida amalga oshiriladi. Davlat fuqarolik xizmatchisining rotatsiyasi uni egallab turgan davlat fuqarolik xizmati lavozimiga teng bo‘lgan boshqa lavozimga o‘z roziligi bilan o‘tkazish orqali amalga oshiriladi. Davlat fuqarolik xizmatida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida majburiy ravishda rotatsiya qilinishi lozim bo‘lgan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining ro‘yxati belgilanadi. Ushbu lavozimlarni egallab turgan davlat fuqarolik xizmatchilarining rotatsiyasi ularning roziligisiz amalga oshiriladi.[3]
Quyidagi holatlarda davlat xizmatchisining rotatsiyasiga yo‘l qo‘yilmaydi:
- tayyorlash, qayta tayyorlashdan va malaka oshirishdan o‘tayotgan xodimlar;
- homilador ayollar, shuningdek uch yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollar;
- tibbiy xulosaga asosan o‘zlarining yoki ular bilan birga yashovchi oila a’zolari sog‘lig‘ining holati rotatsiya o‘tkazilayotgan davlat fuqarolik xizmati lavozimi bo‘yicha xizmat majburiyatlarini amalga oshirish imkoniyatini bermaydiganlar.
- shuningdek, pensiyaga chiqishiga 3 yil qolgan xodimlar.
Biz rotatsiya insitutini quyidagicha tasniflashimiz mumkin:1) Lavozim va mutaxassisligi bo‘yicha ishlash muddatiga ko‘ra: uzoq muddatli va qisqa muddatli rotatsiya; 2) Harakat yo‘nalishiga ko‘ra: aylanma, qaytarilmaydigan va rokirovka shaklidagi; 3) Ixtisoslashuv darajasiga ko‘ra: boshqa turdagi ixtisoslik bo‘yicha, bir-biriga bog‘liq ixtisoslik bo‘yicha, bitta ixtisoslashuv bo‘yichal lekin faoliyatning xarakteri almashtiriladigan, faoliyat xarakteri sezilarli o‘zgarmaydigan; 4) Rotatsiyani o‘tkazishning tashabbuskorlariga ko‘ra: rahbariyat yoki shaxsiy tashabbus orqali; 5) Rotatsiyani amalga oshirishda ko‘chirib o‘tkazishning miqyosiga ko‘ra: ichki, tashqi, hududlararo va xalqaro miqyosdagi rotatsiya; 6) Rotatsiya jarayonida o‘qitishning qo‘llanilishiga ko‘ra: qayta o‘qitish talab qilinadigan va qayta o‘qitish talab qilinmaydigan 7) Vaqt mezoniga ko‘ra: rejali hamda faktik turlarga; 8) Rotatsiyani amalga oshirish maqsadiga ko‘ra: rahbar kadrlarni tayyorlash, xodimlar muhitini o‘zgartirish, jamoada kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizolarni oldini olish yoki bartaraf etish maqsadida, mutaxassislarni universal xodim sifatida tayyorlash uchun, kutilmagan holatlarda, ya’ni xodimning kasallik, ta’tilga chiqishi va shu kabi holatlarda o‘zaro almashtirilishini ta’minlash, xodimning mehnat faoliyatidagi ko‘rsatkichlari qoniqarsiz bo‘lganda uning bilimi va salohiyatiga mos soha va lavozim qidirish maqsadida, xodimlar o‘rtasida do‘stona muhitni yanada mustahkamlash kabi maqsadlarda amalga oshiriladi; 9) Amalga oshirilish yo‘nalishiga ko‘ra: gorizontal (funksional va tizimli), vertikal (tepaga va pastga) kabi turlarga; 10) rotatsiya amalga oshirilayotgan xodimlar soniga ko‘ra: individual yoki jamoaviy rotatsiya turlariga bo‘linadi.
Umuman olganda, davlat organlari va tashkilotlari tizimida rotatsiya institutining muntazam, izchil va oldindan ishlab chiqilib tasdiqlangan maxsus reja asosida amalga oshirilishi bu ijobiy holatdir. Ushbu jarayon xodimlar mehnat faoliyatining samaradorligiga ijobiy ta’sir o‘tkazadi, korrupsiyaviy holatlarni oladi.
Foydalanilgan adabiyotlar.
Mirziyoyev Sh.M. Erkin va farovon, demokratik O‘zbekiston davlatini birgalikda barpo etamiz. – T.: O‘zbekiston. 2017. B. 26.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.05.2023-y., 03/23/837/0241-son). https://lex.uz/docs/-6445145
O‘zbekiston Respublikаsining Qonuni, 08.08.2022 yildаgi O‘RQ-788-son. https://lex.uz/uz/docs/-6145972