BUXORO HUKMDORI AMIR MUZAFFARNING ADABIY MAJLISLARI (Ahmad Donishning “Risola yoxud Mang‘itlar xonadoni saltanatining qisqacha tarixi” kitobi ma’lumotlari asosida)
Abstract
Buxoro hukmdori amir Muzaffar she’riyatni sevgan, adabiyotni qadrlagan, hayoti davomida doimo ziyoli, ilm – fan namoyandalari va nazm ahlini atrofiga to‘plagan. Buxoro va Karmanadagi saroy va chorbog‘larida adabiy bazmlar tashkil etgan. Mushoiralar va she’riy bahslar uyushtirgan. Ahmad Donish amirning adabiy bazmlarini “ashula va raqs” yig‘inlari deb atagan.[1] Unga ko‘ra, amir butunlay ichkilik, bazmu jamshid, buzuqlik va shahvoniy nafsga berilib ketgan.[2] Amir Muzaffar ayshu ishrat va bazmu jamshid bilan mashg‘ul bo‘lgan: “Kech kirgach bir jamoa erkak va ayol raqqosalar, amir xizmatidagi erkagu ayollar o‘rda sahniga raqs va ashula bilan kirib kelardi. Shahar aholisi eshitsin deb qo‘shiq naqoratiga baland ovoz bilan “Hazrati oliylari salomat bo‘lsinlar” deb kuylardilar. Bu majlisning boshlanishi xufton namoziga azon aytilish vaqtiga to‘g‘ri kelardi”.[3] Amir Muzaffar davrida Ahmad Donish iborasi bilan aytganda, saroyga musiqachiyu ashulachi, g‘azalxonu ertak aytuvchi, shuningdek raqqoslar va masxarabozlar olib kelingan:[4] «Ushbu qalang‘i – qasang‘ilar suhbatlar, majlislarda, dasturxon atrofida o‘tirishgan».[5]
[1]Ahmad Donish. Risola yoxud mang‘itlar xonadoni saltanatining qisqacha tarixi. Tarjima, izohlar va kirish so‘zi muallifi Q.Yo‘ldoshev. T.: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi DIN, 2014.-B.124.
[2] Ko‘rsatilgan asar.-B.81.
[3] Ahmad Donish. Risola yoxud mang‘itlar xonadoni saltanatining qisqacha tarixi. Tarjima, izohlar va kirish so‘zi muallifi Q.Yo‘ldoshev. T.: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi DIN, 2014.-B.87.
[4] Ko‘rsatilgan asar.-B.77.
[5] Ko‘rsatilgan asar.-B.78.